Asosiy menu

O‘zbekiston loyiha boshqaruvi tizimiga o‘tadi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 iyul kuni mamlakatda loyiha boshqaruvini joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Hujjat rasmiy sharhida keltirilishicha, o‘tkazilgan tahlillar kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha vazifalarning samarali bajarilishiga, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga g‘ov bo‘layotgan omillarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator kamchiliklar mavjudligini, xususan:

  • davlat ahamiyatiga molik loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish jarayonini sifatli tashkil etish, muvofiqlashtirish, monitoring hamda nazorat qilishni ta’minlovchi loyiha boshqaruvining yagona tizimi mavjud emasligini;
  • loyihalarni amalga oshirish sur’ati va samaradorligini tezkor kuzatish imkonini beruvchi ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining boshqaruv jarayoniga yetarlicha joriy etilmaganligini;
  • davlat va hududiy dasturlarni, investitsiya loyihalarini ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ochiqlik va shaffoflik darajasining pastligi mazkur sohada moliyaviy mablag‘lar maqsadsiz va samarasiz sarflanishi, shuningdek turli xil suiiste’molchilik holatlarini keltirib chiqarayotganligini;
  • davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillari shaffofligini ta’minlovchi, davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlarining ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilingan yagona axborot maydonining mavjud emasligini;
  • amalga oshirilayotgan loyihalarning maqsadga muvofiqligi, asoslantirilganligi va rentabelligini tahlil qilish hamda baholash, shuningdek ularning qiymatini oshirib ko‘rsatish va boshqa suiiste’molchiliklar alomatlarini aniqlash bo‘yicha ishlar samaradorligining pastligini;
  • tovarlar, ishlar va xizmatlarning haqiqiy bozor qiymatini aniqlash imkonini beradigan yagona klassifikator ishlab chiqilmaganligini ko‘rsatmoqda.

Yuqorida keltirilgan holatlar davlat boshqaruvi tizimi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarni isloh qilish sharoitida resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlovchi, loyiha boshqaruvi prinsiplariga asoslangan qarorlar qabul qilish mexanizmlarini ishlab chiqish va nazorat qilishning zamonaviy shakl va uslublarini joriy etishni talab qiladi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimi yaratilmoqda. Mazkur tizim:

  • har bir resursning (tovarlar, ishlar va xizmatlarning) haqiqiy bozor qiymatini shakllantirish hamda noto‘g‘ri texnik topshiriq va smetalarni yuritishga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradigan resurslar yagona milliy ma’lumotnomasini joriy etishni;
  • uch o‘lchamli loyihalash texnologiyasidan foydalangan holda resurslar hisobini yuritish, loyiha bo‘yicha qabul qilingan qaror samaradorligini baholash, resurslar miqdori va turlari to‘g‘ri belgilanganligini aniqlashni;
  • loyihaoldi, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tegishli jarayonlardan o‘tkazish, ijro intizomiga rioya etish, ish yurituvi, hisobotlar tuzish ustidan elektron nazorat o‘rnatishni;
  • davlat xaridlarining shaffofligini va suiiste’molchiliklarning oldini olishni ta’minlaydigan yagona avtomatlashtirilgan tizim tashkil etishni;
  • ishlar bajarilishi va dasturlar ijrosining haqiqiy holatini aks ettiruvchi kalendar-tarmoq rejalashtirishni joriy etishni, shuningdek xabardor qilish tizimiga ega reja va jadvallarni shakllantirishni;
  • boshqaruv qarorlari qabul qilishning nazorat-tahliliy ta’minotini nazarda tutadi.

Shuningdek, Farmonga muvofiq O‘zbekiston Prezidenti bevosita rahbarlik qiladigan O‘zbekiston Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etildi. Shu bilan bir qatorda, O‘zbekiston Prezidenti huzurida Loyiha boshqaruvi milliy agentligi tashkil etildi.

Loyiha boshqaruvining yagona milliy axborot tizimini joriy etish o‘ta muhimligini inobatga olib, O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga Farmon talablarining so‘zsiz ijro etilishi ustidan qat’iy nazoratni ta’minlash yuklatildi

https://www.gazeta.uz/ru/list/news/