15-oktabr kuni Xitoyning Qashgar shahridan Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston–Turkmaniston–Ozarboyjon yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro multimodal tashuvlarda ilk konteynerlar yo‘lga chiqdi.

Mazkur tadbir Xitoy va Yevropani bog‘lovchi yangi transport yo‘lagining rivojlanishida muhim qadam bo‘lib, mintaqalararo savdo va logistika hamkorligini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Yuklar Sian va Chendu shaharlaridan Qashgargacha temir yo‘l orqali, Qashgardan Oshgacha avtotransport vositalarida, Oshdan Turkmaniston portigacha temir yo‘l orqali, so‘ngra Turkmaniston portidan Ozarboyjonning Boku shahrigacha dengiz yo‘li orqali yetkazilmoqda.

Tashilayotgan yuklar tarkibiga xalq iste’moli tovarlari, jumladan yoritish uskunalari va mexanik jihozlar kiradi.
Mazkur yo‘nalishning ishga tushirilishi logistika jarayonlarining samaradorligini oshirish, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda Osiyo va Yevropa o‘rtasida yangi xalqaro transport yo‘lagini shakllantirishga xizmat qiladi.