“O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ xalqaro yuk tashuvchilar assosiatsiyalari federatsiyasi (FIATA)ga rasman a’zo bo‘ldi. FIATA – logistika va xalqaro yuk tashish sohasidagi eng nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri hisoblanadi.
FIATA dunyo bo‘yicha 150 dan ortiq mamlakatdan 40 000 ga yaqin logistika kompaniyalarini birlashtirgan tashkilot bo‘lib, transport siyosati uyg‘unlashuvi, multimodal tashishlarni rivojlantirish va logistika sohasidagi professional bilimlar almashinuvini qo‘llab-quvvatlaydi.
FIATAga a’zo bo‘lish kompaniyaga dunyo bo‘yicha ilg‘or tajribalarni joriy etish, xizmatlar sifati standartlarini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkonini beradi. Bu qadam kompaniyaning global bozordagi mavqeini mustahkamlash va O‘zbekistonning eksport-import salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
“O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJning ushbu xalqaro tashkilotga qo‘shilishi kompaniyaning doimiy rivojlanish, jahon logistika tizimiga integratsiyalashish hamda mijozlarga zamonaviy, ishonchli va raqobatbardosh logistika yechimlarini taqdim etishga intilishini tasdiqlaydi.