“O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ xalqaro avtomobil yuk tashuvlari yo‘nalishlarini bosqichma-bosqich kengaytirishda davom etmoqda. Shu maqsadda jamiyat tomonidan “O‘sh – Toshkent” yo‘nalishida muntazam yuk tashish faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur yo‘nalish bo‘yicha tashuvlar ikki tomonlama – Qirg‘izistondan O‘zbekistonga va ortga doimiy amalga oshirilmoqda. Bu nafaqat transport vositalarining samarali yuklanishini ta’minlaydi, balki yuk tashish xarajatlarining kamayishi va mintaqaviy logistika zanjirlarini takomillashtirishga ham xizmat qiladi.

Kelgusida kompaniya tomonidan avtomobil parkini kengaytirish orqali tashish hajmlarini sezilarli darajada oshirish rejalashtirilgan. Ushbu tashabbus “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJning multimodal operator sifatidagi mavqeini mustahkamlab, xalqaro miqyosda keng qamrovli transport-logistika xizmatlarini taqdim etish imkonini beradi.