
“O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ tomonidan xalqaro yuk tashuvlari geografiyasini kengaytirish doirasida AQShning Arizona shtati Chandler shahridan Qozog‘istonning Olmaota shahriga 6 ta 40 futlik konteyner tashuvi tashkil etildi.
Yo‘l qurilishiga mo‘ljallangan maxsus texnikalar yuklangan konteynerlar Chandler shahridan avtomobil transportida Los-Angeles portiga olib borildi. U yerdan dengiz transporti orqali 19 kun ichida Xitoyning Qingdao portiga yetkazildi. Keyingi bosqichda konteynerlar temir yo‘l transportida Qozog‘istonning Olmaota-1 stansiyasiga yetkazib beriladi.
Mazkur tashuv kompaniyaning xalqaro logistika bozoridagi imkoniyatlarini yanada kengaytirish hamda “eshikdan eshikkacha” tamoyili asosida kompleks logistika xizmatlarini rivojlantirish yo‘lidagi muhim amaliy qadamdir.