Joriy yilning 26 iyul kuni "O‘ztemiryo‘lkonteyner" AJ hamda Janubiy Koreyaning "SEO JOONG LOGISTICS Co., LTD" kompaniyalari o'rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
"SEO JOONG LOGISTICS Co., LTD" 1995 yildan boshlab xalqaro logistika va transport xizmatlarini ko‘rsatib keladi. Dunyoning 19 ta mamlakatlarida o‘zining vakilxonalariga ega bo‘lib, multimodal yuk tashuvlari, aqlli ombor xizmatlari, logistika ta’minot zanjiri kabi yo‘nalishlarda o‘z faoliyatini olib boradi.
Uchrashuvda Janubiy Koreyaning "SEO JOONG LOGISTICS Co., LTD" kompaniyasi prezidenti Ryu Jea Yup, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ logistika va marketing departamenti boshlig‘i O.R. Jabarov, "O‘ztemiryo‘lkonteyner" AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari X. L. Adilovlar ishtirok etdi.
Eslatib o‘tish joizki, bir necha kun oldin Xitoyning Sian shahridagi Qozog‘iston-Xitoy terminalidan jo‘natilgan "SEO JOONG LOGISTICS Co., LTD" kompaniyasi bilan tashkil etilgan birinchi konteyner blok poyezdi Toshkent shahriga 5 kunda yetib keldi.
Uchrashuv davomida tomonlar Janubiy Koreya va O'zbekiston o‘rtasida “Pusan-Lianyungang-Altinkol-Toshkent” yo’nalishida doimiy blok poyezdlari harakatini tashkil etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldilar.
Tadbir so‘ngida "SEO JOONG LOGISTICS Co., LTD" kompaniyasi hamda "O‘ztemiryo‘lkonteyner" AJ o‘rtasida mavjud logistik imkoniyatlardan foydalanish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi.