2025-yil 30-iyun kuni Toshkent Mintaqaviy temir yo‘l uzeli binosida “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ hamda Toshkent MTU o‘rtasida ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv davomida tomonlar konteyner tashish tizimini yanada takomillashtirish, mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish hamda tadbirkorlik subyektlariga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.

Jumladan, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ balansidagi bo‘sh konteynerlardan unumli foydalanish maqsadida ularni Bo‘zsuv stansiyasi hududida vaqtinchalik ombor sifatida joylashtirish taklifi ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, Toshkent MTU hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga birgalikda kompleks logistika xizmatlarini ko‘rsatish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Toshkent shahriga tutash hududlarda zamonaviy yuk terminallarini barpo etish va rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJning yuk terminali tashkil etishdagi tajribasi va Toshkent MTUning infratuzilma salohiyati asosida xalqaro standartlarga mos konteyner terminalini yaratish imkoniyatlari o‘rganilishi belgilandi.