Mamlakatimizda 2030-yilga qadar konteyner tashuvlari hajmini kamida 1,5 baravarga oshirish maqsadida, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ hamda Gansu International Logistics Group vakillari Gansu provinsiyasining (Lanchjou shahri) Xalqaro quruqlik portida ishchi uchrashuv o‘tkazdilar.
Tomonlar asosiy infratuzilma obyektlarini ko‘zdan kechirdilar: konteyner terminali, yengil avtomobillarni qayta ishlash maydonchasi, sochiluvchan yuklar terminali, shuningdek, refrijerator konteynerlar uchun mo‘ljallangan zamonaviy muzlatkich kompleksi.
Tashrif doirasida delegatsiya Gansu International Logistics Group shtab-kvartirasiga tashrif buyurib, logistika va harakat tarkibini boshqarish bo‘yicha raqamli yechimlar bilan tanishdi.
Muzokaralar yakunida quyidagi yangi yo‘nalishlar bo‘yicha konteyner poezdlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi:
Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Tojikiston / Turkmaniston.
Ilk qatnov 2025-yilning uchinchi choragiga rejalashtirilgan.
Kompaniyalar Yevroosiyo hududida multimodal tashuvlar va transport aloqalarini rivojlantirish yo‘lida sheriklikni mustahkamlashga bo‘lgan intilishlarini yana bir bor tasdiqladilar.