"Oʻztemiryoʻlkonteyner" AJ va Toshkent davlat transport universiteti hamkorligida Oʻzbekiston temir yoʻllari tizimida avtotransport vositalarini temir yoʻl platformalari orqali tashish — yaʼni kontreyler (Ro-La) tashishlar birinchi marta sinov tariqasida amalga oshirildi.
Loyiha doirasida avtotransport vositalari temir yoʻl platformalariga joylashtirilib, Toshkent stansiyasidan Hamza stansiyasigacha boʻlgan yoʻnalishda yuk poyezdi tarkibida muvaffaqiyatli joʻnatildi. Ushbu tashish turi mamlakatimizda transport sohasini modernizatsiya qilish, avtomobil yoʻllaridagi tirbandlikni kamaytirish hamda yoʻl infratuzilmasiga boʻlgan yuklamani pasaytirishga qaratilgan.
Shuningdek, mazkur tashabbus atmosferaga chiqariladigan CO₂ chiqindilarini kamaytirish, ekologik barqarorlikni taʼminlash va "yashil" logistika elementlarini rivojlantirish borasidagi muhim qadam hisoblanadi.