
2025-yil 11–13-noyabr kunlari “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ transport-logistika sohasidagi eng yirik xalqaro ko‘rgazmalardan biri – “TransLogistica Uzbekistan 2025”da faol ishtirok etdi. Ushbu tadbir yangi aloqalarni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim maydonga aylandi.

Uch kun davom etgan ko‘rgazma doirasida 200 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi, jumladan Yevropa, Osiyo va MDH mamlakatlarining temir yo‘l, ekspeditorlik va logistika tashkilotlari vakillari bilan muloqotlar olib borildi. Muzokaralar samimiy va do‘stona muhitda o‘tib, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda multimodal tashuvlar sohasida yangi imkoniyatlarni izlashga xizmat qildi.

Ko‘rgazma yakunlariga ko‘ra “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ tomonidan bir qator muhim kelishuvlar imzolandi:
Turkiyaning “Mutlular” va Hindistonning “ABS Logistics” kompaniyalari bilan hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi, shuningdek Xitoyning “Neptune Global Logistics” kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan shartnoma imzolandi.

Shuningdek, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Afg‘oniston temir yo‘llari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, unda transport yo‘laklarini takomillashtirish, tranzit tashuvlar samaradorligini oshirish va o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Erishilgan kelishuvlardan tashqari, kompaniya ko‘rgazma tashkilotchilari tomonidan ishga sadoqati va transport-logistika sohasini rivojlantirishga qo‘shgan muhim hissasi uchun mukofot bilan taqdirlandi.

“O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJning mazkur ko‘rgazmadagi ishtiroki xalqaro hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy logistika yechimlarini joriy etish borasidagi intilishlarini yana bir bor tasdiqladi.
