img
  • 2025-12-29

SAMARQAND VILOYATIDA YANGI BOJXONA OMBORI FOYDALANISHGA TOPSHIRILDI

Joriy yilning 27-dekabr kuni Samarqand viloyatida logistika va tashqi savdo infratuzilmasini yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim tadbir — “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ Ulug‘bek logistika markazi hududida joylashgan yangi yopiq turdagi bojxona omborining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi A.M. Boboyev, Pastdarg'om tumani hokimi Sh.Sh. Rahmonov, Ulug‘bek TIF bojxona posti boshlig‘i A.M. Qurbanov, shuningdek, tegishli tashkilot va idoralar mutasaddilari ishtirok etdilar.

Mazkur bojxona ombori faoliyati Xitoyning “Indra Bonded E-commerce Services” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan bo‘lib, Xitoydan keluvchi yuklarni saqlash hamda ularni joyidan tezkor tarzda tarqatish imkoniyatini yaratadi.

Bojxona ombori umumiy 1500 kvadrat metr maydonni egallab, temir yo‘l vagonlari hamda avtomobillardan yuklarni ortish-tushirish imkoniyatiga ega. Shuningdek, ombor zamonaviy stellaj tizimlari bilan jihozlangan bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 200 tonnadan ortiq yukni saqlash imkonini beradi. Yangi bojxona omborining ishga tushirilishi eksport-import operatsiyalarini samarali tashkil etish va  Samarqand viloyatining logistik imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.