Joriy yilning 24–26 iyun kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida transport va logistika sohasidagi nufuzli “Transport Logistic Shanghai 2026” xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir dunyoning turli mamlakatlaridan transport va logistika sohasi vakillarini birlashtirib, tajriba almashish hamda yangi biznes aloqalarini rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.

Ko‘rgazma doirasida “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ delegatsiyasi Xitoy va boshqa davlatlarning yetakchi transport-logistika kompaniyalari bilan qator uchrashuv va muzokaralar o‘tkazdi. Unda konteyner tashuvlarini rivojlantirish, multimodal logistika xizmatlarini kengaytirish, yangi transport yo‘laklarini shakllantirish hamda yuk oqimlarini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, ko‘rgazma yakunlari bo‘yicha qator xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik memorandumlari va bitimlar imzolandi. Mazkur hujjatlar xalqaro konteyner tashuvlarini rivojlantirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va uzoq muddatli sheriklik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
