img
  • 2024-03-06

"Oʻztemiryoʻlkonteyner" AJ logistikaning yangi yoʻnalishlariga kirib bormoqda

Xalqaro transport koridorlarini rivojlantirish hamda logistika xizmatlarini koʻrsatish darajasini oshirish boʻyicha joriy yilning 5 mart kuni "Oʻztemiryoʻlkonteyner" AJ boshqaruv raisi A.S. Kamalov va Xitoyning "Shenzhen Neptune Logistics Co. Ltd." kompaniyasi tijoriy direktori Nensi Tang oʻrtasida  uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Nensi Tang Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Xitoy kompaniyalari uchun Oʻzbekistonda yaratilayotgan investitsion muhitdan mamnun ekanligini taʼkidlab, kelgusida mamlakatimizda zamonaviy transport-logistika markazini qurish boʻyicha 10-15 mln AQSh dollari atrofida toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya kiritishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi.


Shundan soʻng Xitoy kompaniyasi toʻgʻrisida batafsil axborot berildi. "Shenzhen Neptune Logistics Co. Ltd." kompaniyasi 2002 yilda tashkil etilgan boʻlib, kompaniya Xitoyning 10 dan ortiq provinsiyalari, Yevropa, Markaziy Osiyo, Singapur davlatlarida oʻzining logistika markazlariga ega. 2023 yilda kompaniya tomonidan Sian, Chendu, Shendjen provinsiyalaridan Xitoy-Yevropa, Xitoy-Markaziy Osiyo yoʻnalishlarida 100 ga yaqin konteyner poyezdlari harakati amalga oshirilgan. Multimodal tashuvlarni amalga oshirishga ixtisoslashgan ushbu kompaniya oʻz tarkibiga 25 000 ta xususiy konteynerlar parkini oladi. 

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston hududida “Oʻztemiryoʻlkonteyner” AJ logistika markazlarini birgalikda ishlatish, yangi zamonaviy xablar barpo etish, distributsiya xizmatlarini yoʻlga qoʻyish, vagon va konteynerlardan birgalikda foydalanish boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

\

Hususan Oʻzbekiston hududida zamonaviy A+ toifadagi skladlarni tashkil etgan holda distributsiya xizmatlarini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar bildirildi.

Uchrashuvda shuningdek "Xitoy-Qirgʻizston-Oʻzbekiston" multimodal  yoʻnalishi orqali Sian, Chengdu, Shendjen provinsiyalaridan konteyner tashuvlarini amalga oshirish, mavjud transport koridorlari orqali Turkiya va Yevropa mamlakatlariga konteynerlar tashish boʻyicha hamkorlik qilish masalalari koʻrib chiqildi.