
Joriy yilning 6-iyul kuni Xitoy Xalq Respublikasining Lanchjou shahrida bo‘lib o‘tayotgan 31-Xalqaro investitsiya va savdo forumi doirasida “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ, Afg‘onistonning Xitoydagi Elchixonasi, Xinjiang Union of International Railway Logistics Co. Ltd kompaniyasi hamda davlat logistika operatori Gansu International Logistics Group Co. Ltd ishtirokida to‘rt tomonlama uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida tomonlar “Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston — Afg‘oniston” multimodal transport yo‘lagini rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar. Jumladan, mazkur yo‘nalishda yuk tashish hajmini oshirish, Afg‘oniston va O‘zbekistondan Xitoyga konteynerlarda yuk tashishlarni tashkil etish hamda logistika infratuzilmasini takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, O‘zbekiston va Qirg‘iziston hududida qo‘shma hamkorlikda logistika terminallarini barpo etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ vakillari forum doirasida o‘tkazilgan investitsiya sessiyalarida ishtirok etib, Xitoy Xalq Respublikasining investitsiya salohiyati va transport-logistika imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdilar.
