Logistika sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish doirasida Andijon shahrida "O‘ztemiryo‘lkonteyner" AJ, Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli, "UzContargo Andijon" qo‘shma korxonasi va "Urumchi temir yo‘llari" rahbariyatlari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda "O‘ztemiryo‘lkonteyner" AJ boshqaruvi raisi M.K. Mirxamidov, Qo‘qon mintaqaviy temir yo‘l uzeli boshlig‘i B.P. Milladjanov, "UzContargo Andijon" qo‘shma korxonasi direktori A.A. Ikramov hamda "Urumchi temir yo‘llari" bosh direktori Lyu Fen ishtirok etdilar.
Yig'ilish davomida Andijon viloyatida joylashgan logistika terminalining imkoniyatlari, zamonaviy texnik jihozlar, shuningdek, operatsion samaradorlikni oshirishga qaratilgan terminal konsepsiyasi taqdim etildi.
Shundan so‘ng delegatsiya Qirg‘iziston Respublikasi bilan chegara yaqinida joylashgan Savay temir yo‘l stansiyasiga tashrif buyurdi va tranzit o‘tkazish qobiliyati bilan yaqindan tanishdilar.