Joriy yilning 21 noyabr kuni Osiyo Taraqqiyot Bankining harakatlanuvchi tarkib boʻyicha xalqaro eksperti Uillem Svannenburg, moliyaviy masalalar boʻyicha eksperti Jannat Salimovalar bilan temir yoʻl transportida joriy islohotlar yuzasidan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda Uillem Svannenburg Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik (MOMIH) mamlakatlari uchun harakatlanuvchi tarkibga boʻlgan ehtiyoj va moliyalashtirish imkoniyatlarini oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar olib borilayotganligini maʼlum qilib, oʻzini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. Xususan, fiting platformalariga boʻlgan hozirgi talab, Oʻzbekistonda konteyner tashuvlari hajmi, xalqaro transport koridorlari hamda kelgusidagi rejalar yuzasidan fikr almashilindi.
Shuningdek, moliyaviy masalalar boʻyicha ekspert Jannat Salimova tadqiqot davomida MOMIHning 11 ta davlati va xususan Oʻzbekistonda harakatlanuvchi tarkibning joriy holati oʻrganilishi hamda harakat tarkibini xarid qilish va ularga texnik xizmat koʻrsatish uchun moliyalashtirish imkoniyatlari va shartnoma shartlari baholanishini maʼlum qildi.