2018 yildan boshlab mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga konteyner tashish transport-logistika xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida "O‘ztemiryo'lkonteyner" AJ tomonidan “O‘zbekiston temir yo’llari” AJ ko‘magida ichki yo‘nalishlarda ekspress blok poyezdlari harakati yo‘lga qo‘yilgan.
Ekspress blok poyezdlari shartli ravishda 20 - 50 dona ma’lum bir yo‘nalishga yuboriladigan konteynerlardan iborat bo‘lib, bu o‘z navbatida konteynerlarni temir yo’l orqali ortiqcha to‘xtalishlarsiz, odatdagidan bir necha barobar tezroq va qulay narxlarda yetkazish imkonini yaratadi.
O‘zbekistonga import bo‘lib kirib kelayotgan koteynerlarning asosiy qismi Toshkent shahrida joylashgan katta logistika markazlariga kelib tushirilgandan so‘ng, mamlakatning boshqa viloyatlariga ichki ekspress blok poyezd yordamida yetkazib berilmoqda.
2018 – 2023 yillarda "O‘ztemiryo'lkonteyner" AJ tomonidan Toshkent shahridan Farg‘ona, Namangan, Andijon va Samarqand viloyatlariga ichki ekspress poyezd yo’nalishlari tashkil etilgan.
2024 yil davomida Toshkent shahridan Jizzax, Buxoro viloyatlarigacha hamda Abliq – Andijon – Abliq yo‘nalishida ekspress blok poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yildi.
Hozirgi kunga qadar ushbu ichki yo‘nalishlarda 600 dan ortiq ekspress blok poyezd tashuvlari amalga oshirilgan.
Joriy yilning sentabr oyining boshida “O‘ztemiryo‘lkonteyner” AJ tomonidan Nazarbek - Urganch yo‘nalishida ichki ekspress blok poyezdi harakati yo‘lga qo’yildi. Ushbu yo‘nalishda Nazarbek stansiyasidan yo‘lga chiqqan birinchi ekspress blok poyezd 1033 km masofani 38 soatda – odatdagidan 3 barobar tezroq vaqtda bosib o‘tib, jamiyatning Urganch logistika markaziga yetib kelgan.
“O‘ztemiryo'lkonteyner” AJ tomonidan O‘zbekiston ichki yuk tashish tarmog‘ini yanada rivojlantirish va ekspress blok poyezdlar yo‘nalishlarini kengaytirish maqsadida ishlar davom ettirilmoqda.