So'nggi yillarda mamlakatimiz iqtisodiyotining jadal sur’atlarda rivojlanishi logistika sohasida zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, muqobil transport koridorlarini tashkil etish hamda malakali mutaxassislar tayyorlash zaruratini oshirdi.
Bugungi kunda “O’ztemiryo’lkonteyner” AJ tomonidan doimiy ravishda xodimlarning malakasini oshirish va xalqaro tajribaga ega kadrlarni tayyorlash, shu jumladan ularni xorijiy mamlakatlarga yuborish bo’yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil boshida Germaniyaning Deutsche Bahn kompaniyasi tomonidan malaka oshirish dasturi bo’yicha o’tkazilgan tanlovda Nukus logistika markazi boshlig’i A. Durdiyev muvafaqqiyatli qatnashib, uch oy davomida Germaniyada xalqaro tajriba orttirish imkoniyatiga ega bo’ldi.
Dastur davomida xalqaro logistika tizimlari, zamonaviy texnologiyalar, boshqaruv uslublari va kontreyler tashuvlari kabi mavzularda ilg’or bilimlarga ega bo’ldi. Shu bilan birga yirik logistika markazlari va Gamburg portining logistika imkoniyatlari bilan tanishildi.
Germaniyada orttirgan tajribalarini faqatgina o’zi rahbarlik qilayotgan Nukus logistika markazida emas, balki boshqa logistika markazlariga ham ulashish maqsadida A. Durdiyev tomonidan 26 iyul kuni videokonferensiya ko’rinishida taqdimot o’tkazildi.
Bundan tashqari jamiyatning uch nafar rahbar xodimlari A.Axmedov, M. Fayziyev va J. Rahmonovlar hozirgi kunda Bank moliya akademiyasida loyiha boshqaruvi, soliq va soliqqa tortish tizimlari, buxgalteriya hisobi va audit yo’nalishlarida tahsil olmoqda.
Boshqaruv raisi tashabbusi bilan amalga oshirilgan bu kabi malaka oshirish dasturlari kelgusida ham davom ettiriladi va kompaniya xodimlari uchun yangi imkoniyatlar yaratishda davom etadi.