Qoraqalpog’iston Respublikasida transport logistika xizmatlari ko’rsatish darajasini yanada oshirish, tadbirkorlik subyektlariga qo’shimcha qulayliklar yaratish maqsadida, “O’ztemiryo’lkonteyner” AJning Nukus logistika markazida umumiy maydoni 1110 kvadrat metr bo’lgan yangi ochiq turdagi bojxona ombori ishga tushirildi.
Mazkur ombor hududiy bojxona vakillari yordamida tashkil etilgan bo‘lib, zamonaviy infratuzilma va xavfsizlik tizimlari bilan jihozlangan. Ombor nafaqat yuklarni vaqtincha saqlash, balki ularga tegishli bojxona operatsiyalari hamda multimodal tashuvlarni amalga oshirish imkoniyatini ham beradi.
Shuni ta’kidlab o’tish joizki, O’zbekiston Respublikasi Bojxona qo’mitasi bilan hamkorlikda “O’ztemiryo’lkonteyner” AJ tomonidan 2020 yildan boshlab Rouston, Marg’ilon, Qo’qon, Jizzax, Ulug’bek, Termiz, Buxoro logistika markazlarida tashkil etilgan umumiy maydoni 15 000 kv.m ochiq turdagi va 6 200 kv.m yopiq turdagi bojxona omborlari orqali yuklarni ortish, tushirish, saqlash va bojxona ko’rigidan o’tkazish kabi xizmatlar samarali tashkil etib kelinmoqda.